Buxoro yangiliklari
Buxoroda uchta yangi avtobus yo‘nalishi ishga tushirildi

2026-yil 14-avgustdan Buxoro shahri va unga yondosh hududlarda aholini jamoat transporti bilan ta’minlash maqsadida 4-, 6- va 7-sonli yangi shahar avtobus yo‘nalishlarida qatnovlar tashkil etildi. Bu haqda Buxoro viloyati transport boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
6-sonli «Dehoji aholi punkti — To‘qimachi bosh bekati» halqa yo‘nalishi Dehoji aholi punktidan boshlanib, Madaniyat aholi punkti, BuxDU filiali, Madaniyat bosh bekati, Markaziy bozor, Ark majmuasi, Viloyat kasalxonasi, Mustaqillik ko‘chasi va shaharning boshqa muhim nuqtalari orqali To‘qimachi bosh bekatida yakunlanadi. Yo‘nalishda 16 ta yangi «Zhongtong» rusumli avtobus xizmat ko‘rsatadi.
7-sonli «Moxi Xossa qo‘rg‘oni — 5-kichik nohiya» yo‘nalishi Moxi Xossa qo‘rg‘onidan boshlanib, Karvon bozori, G‘ijduvon, Ibn Sino, Viloyat bolalar kasalxonasi va I. Mo‘minov ko‘chasi orqali 5-kichik nohiyada yakunlanadi. Ushbu yo‘nalishda 14 ta yangi «Yutong» rusumli avtobus qatnaydi.
4-sonli «Madaniyat bosh bekati — Hukumatobod MFY» halqa yo‘nalishi Madaniyat bosh bekatidan boshlanib, Markaziy bozor, Mirdo‘stim, M. Iqbol, BuxDU, Buxoro savdo majmuasi va I. Mo‘minov ko‘chasi orqali Hukumatobod mahallasida yakunlanadi. Mazkur yo‘nalishga 16 ta yangi «Zhongtong» rusumli avtobus chiqarildi.
Uchala yo‘nalishda jami 46 ta yangi avtobus xizmat ko‘rsatadi. Avtobuslarda elektron to‘lov tizimi mavjud bo‘lib, yo‘lovchilardan yo‘lkira haqini elektron tarzda to‘lash so‘ralgan.