Buxoro yangiliklari

Buxorodagi ikki gektarli bog‘da yozgi pishiqchilik avjiga chiqdi

Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Bog‘lar borini odamlarga tortiq qiladigan palla. Bog‘cha qishlog‘idagi Salomat aya va Xudoyberdi Sharopovlar bog‘ida gilos, zardoli, olcha va shaftoli daraxtlari mevadan bo‘shab, keyingi parvarish davriga kirgan. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.

Bog‘bonlar har bir daraxt atrofida parvona: begona o‘tlarni tozalaydi, ishlov beradi va ortiqcha shoxlarni olib, daraxtlarga shakl beradi.

Qirmizi rangli olmalar ko‘rkamligi bilan o‘ziga tortadi, daraxt shoxlari hosil og‘irligidan egilgan. Bog‘da ketma-ket pishadigan ko‘plab olma navlari mavjud.

Uzumning bir necha turi ham pisha boshlagan. Shivirg‘oni va husayni navlari yetilib, hosilga kirgan.

Asli muallima bo‘lgan Salomat aya va muhandis Xudoyberdi Sharopovlar ko‘p yillardan beri ikki gektarli bog‘ni parvarish qilib keladi.

Bog‘bonlar yuqori hosil olish yo‘llarini izlaydi, yangi navli ko‘chatlar tayyorlaydi. Qurigan daraxtlar o‘rniga yangi nihollar o‘tqazib, bog‘ni muntazam yoshartirib bormoqda.

Pishiqchilik davri bog‘bon umriga qiyos. Bor mevasini xalqqa tortiq etib, xotirjam tortgan daraxtlar misoli bu ikki qariya ham bugun nevara va evarali.

Shunga qaramay, ular keksalikni tan olgisi kelmaydi. Har bir niholni qahraton sovuq va jazirama issiqdan avaylab, xuddi nevaralarini asragandek parvarishlaydi.

Shu bois daraxtlar ham serhosil mevasi bilan ularning mehnatiga javob qaytarmoqda.

Bog‘ning turli joylarida atirgul, rayhon, nozbo‘y, binafsha va boshqa gullar o‘sadi. Bular ham ikki bog‘bonning izlanishlari natijasidir.

Ariqchalarda zilol suv oqib turgan serhosil bog‘ yaratuvchilarning ko‘p yillik mehnatini namoyon etadi.

Mualliflar: Maxfirat Atoyev va Azizjon To‘rayev.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version