Buxoro yangiliklari
Buxoroning tashqi savdosi 1,2 milliard dollardan oshdi

Bojxona qo‘mitasi raisining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi H. Tangriyev Buxoro viloyatidagi bir qator tadbirkorlar bilan muloqot qilib, ularning bojxona xodimlariga nisbatan jamoatchilik fikrini o‘rgandi. Bu haqda Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, biznes uchun qulay sharoit yaratish va tashqi savdo jarayonlarini soddalashtirish iqtisodiy taraqqiyotning muhim omillaridan. Buxoro viloyatida tashqi iqtisodiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, eksport-import operatsiyalarini yengillashtirish va bojxona rasmiylashtiruvini tezlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Joriy yilning o‘tgan yetti oyida viloyatda tovarlarning tashqi savdosi 1,2 milliard AQSH dollaridan oshdi. Tovarlar eksporti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,8 barobar ko‘paydi.
Buxoroda ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlar dunyoning 34 davlatiga eksport qilindi. Afg‘oniston, Rossiya, Pokiston, Tojikiston, Eron, Marokash va Xitoyga yuborilayotgan mahsulotlar ko‘lami oshgan.
Viloyatda eksport bilan shug‘ullangan tadbirkorlar soni 61 nafarga ko‘payib, 320 taga yetdi. “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimidan foydalangan tadbirkorlar soni esa 23 tani tashkil qildi.
Eksport hajmi oshgan mahsulotlarning qariyb 68 million dollari, ya’ni 17 foizi to‘qimachilik mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keldi.
Chekka hududlarda ham yangi eksport quvvatlarini ishga tushirishga e’tibor qaratilmoqda. Birgina Qorako‘l tumanida yil boshidan buyon qariyb 6 million dollarlik mahsulot xorijga eksport qilindi.
Tumanda yaqinda ishga tushirilgan tikuvchilik korxonasi yiliga 2 million dona tayyor futbolka ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yiliga 2 million dollarlik eksport imkonini anglatadi.
Bojxona xodimlari tadbirkorlarga tartib-taomillarni tushuntirish, yuzaga kelgan masalalarni hal etish hamda eksport-import jarayonlarini yengillashtirishda amaliy ko‘mak ko‘rsatmoqda. Tadbirkor uchun yaratilgan har bir qulaylik yangi loyiha, yangi ish o‘rni va yangi eksport imkoniyatini anglatadi.