Buxoro yangiliklari
Buxoroning eski shahar qismida 35 tup daraxt ko‘chati ekildi

O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro shahrining qadimiy Eski shahar hududida “35 yilga — 35 ko‘chat” aksiyasi tashkil etildi. Bu haqda Buxoro viloyati Ekologiya bosh boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Aksiyada Respublika O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori, viloyat Ekologiya bosh boshqarmasi rahbariyati va xodimlari ishtirok etdi.
Aksiya doirasida aylant, chinor, gujum va yapon saforasi kabi daraxtlardan jami 35 tup ko‘chat ekildi.
Havo harorati yuqori bo‘lgani sababli ekilgan ko‘chatlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Daraxtlar ildiz tizimi va tuprog‘i bilan birga ko‘chirib ekilgan.
Ko‘chatlarning yaxshi tutib ketishi uchun muntazam sug‘orish va parvarish ishlari olib boriladi. Yashil hududlarni ko‘paytirish shahar ekologik muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.