Buxoro yangiliklari
Shofirkonda 20 gektarlik «Jilvon jilosi» ekoturizm maskani barpo etildi

Shofirkon tumanining cho‘l hududida tadbirkor Afzal Qo‘shshayev tomonidan 20 gektar maydonda «Jilvon jilosi» eko-agroturizm maskani barpo etildi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Maskan 20 yildan ortiq davom etgan mehnat natijasida cho‘l bag‘rida yashil va obod hududga aylantirilgan.
Bu yerda 40 dan ortiq turdagi mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtirilmoqda. «Yashil makon» loyihasi uchun yiliga yuz minglab ko‘chat tayyorlanadi.
Hududda so‘lim bog‘lar, favvoralar, dam olish joylari tashkil etilgan. Shuningdek, tuyaqush, tovus va boshqa jonivorlar saqlanadigan eko-maskan yaratilgan.
Majmuaga har kuni yuzlab sayyohlar dam olish uchun tashrif buyurmoqda. Tadbirkor Afzal Qo‘shshayev cho‘l hududini bog‘-bo‘stonga aylantirish yo‘lidagi ko‘p yillik mehnati uchun «Mardlik» ordeni bilan taqdirlangan.