Buxoro yangiliklari
Buxoro avtobuslarida 1-sentyabrdan to‘lov qoidalari qat’iylashadi

2026-yil 1-sentyabrdan brutto-shartnoma asosida ishlayotgan barcha shahar avtobuslarida yo‘lkira haqini to‘lash qoidalari qat’iylashadi. Bu haqda Buxoro viloyati transport boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Yangi tartib Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-iyundagi 276-son qarori asosida joriy etiladi.
Yo‘lovchilar avtobusga chiqishi bilanoq yo‘lkira haqini to‘lashi shart bo‘ladi. To‘lov transport yoki ijtimoiy kartani validatorga tekkizish orqali amalga oshiriladi.
Shuningdek, bank kartasi, smartfon va boshqa kontaktsiz to‘lov vositalaridan foydalanish mumkin.
Agar yo‘lkira haqi avtobusga chiqish vaqtida to‘lanmasa yoki yo‘lovchi mavjud imtiyozini tasdiqlamasa, u chiptasiz ketayotgan deb hisoblanadi. Bu holat jarimaga sabab bo‘lishi mumkin.