Buxoro yangiliklari
Buxoro shahridagi 5-oilaviy poliklinika xodimlari murojaati o‘rganildi

Buxoro shahridagi 5-oilaviy poliklinika oilaviy shifokorlari va hamshiralarining jamoaviy murojaati belgilangan tartibda o‘rganildi. Bu haqda Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Murojaatda bayon etilgan holatlarni xolisona o‘rganish uchun soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tuzildi. Poliklinikada o‘rganish olib borilib, murojaat mualliflari bilan suhbatlar o‘tkazildi va bildirilgan har bir masala hamda e’tiroz alohida ko‘rib chiqildi.
O‘rganish davomida poliklinika rahbariyati va xodimlaridan tushuntirishlar olindi, mavjud hujjatlar tahlil qilindi hamda murojaatda keltirilgan holatlarga huquqiy va tashkiliy baho berildi.
Poliklinika jamoasi ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilib, mehnat intizomiga rioya qilish, xizmat vazifalarini belgilangan talablar asosida bajarish, jamoada sog‘lom ish muhitini shakllantirish, aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifati va madaniyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
O‘rganish yakunida tegishli dalolatnoma rasmiylashtirildi. Mas’ullarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va bunday holatlarning oldini olish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Boshqarma tibbiyot muassasalarida xodimlarning mehnat huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, xizmat intizomi va kasbiy mas’uliyatni mustahkamlash doimiy e’tiborda ekanini bildirdi.