Buxoro yangiliklari
G‘ijduvondagi to‘rtta sport obyekti 7,8 milliard so‘mga yangilanmoqda

G‘ijduvon tumanidagi to‘rtta sport obyekti jami 7 milliard 800 million so‘mlik loyihalar doirasida qurilmoqda va rekonstruksiya qilinmoqda. Bu haqda Buxoro viloyati sport boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Buxoro viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i U. Nadjimidinov G‘ijduvon tumanidagi obyektlarda qurilish va rekonstruksiya ishlarining holatini ko‘zdan kechirdi. Zarafshon mahallasidagi “Zarafshon” sport majmuasining futbol maydonida “Ochiq budjet” dasturi doirasida 1,5 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Pozagari mahallasida mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 1 milliard 400 million so‘mga zamonaviy futbol maydoni bunyod etilmoqda. Mazkur loyiha hudud aholisi va yoshlarining muntazam sport bilan shug‘ullanishi uchun yangi sharoit yaratishga qaratilgan.
G‘alaba mahallasidagi “Paxtakor” markaziy o‘yingohining futbol maydoni “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman” dasturi asosida rekonstruksiya qilinmoqda. Ushbu obyekt uchun 3 milliard 400 million so‘mlik loyiha amalga oshirilmoqda.
Soktari mahallasidagi “Soktari” sport majmuasida ham rekonstruksiya ishlari davom etmoqda. Bu obyektni yangilash uchun 1 milliard 500 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
To‘rtta loyiha qiymati jami 7 milliard 800 million so‘mni tashkil etadi. O‘rganish davomida qurilish sifati, ishlarning sur’ati va belgilangan muddatlarga rioya etilishi alohida ko‘rib chiqildi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, barcha ishlarni sifatli va o‘z vaqtida yakunlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi. Loyihalar tugallangach, G‘ijduvon tumanidagi aholi, ayniqsa yoshlar uchun futbol va boshqa sport mashg‘ulotlari bilan shug‘ullanish imkoniyatlari kengayadi.