Buxoro yangiliklari
“Jo‘yzar” kanalining betonlashtirilishi yiliga 12 million kub metr suvni tejaydi

Buxoro shahridan oqib o‘tuvchi “Jo‘yzar” kanalida betonlashtirish va obodonlashtirish ishlari davom etmoqda. Loyiha yakunlangach, yiliga 12 million kub metr suvni tejash ko‘zda tutilgan. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Joriy yil may oyida Saida Mirziyoyeva mazkur kanalning qarovsiz holatini ko‘zdan kechirgan edi. Navbatdagi tashrif chog‘ida kanalda olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari o‘rganildi. Loyihaning asosiy maqsadi suv yo‘qotilishini kamaytirish hamda aholi va qishloq xo‘jaligi iste’molchilarining suv ta’minotini yaxshilashdan iborat.
Hozirga qadar kanalning 10 kilometr qismida tuproq ishlari bajarildi, 9 kilometr qismi esa to‘liq betonlashtirildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha nihoyasiga yetkazilgach, yiliga 12 million kub metr suv iqtisod qilinadi. Shuningdek, 13,7 mingta xonadonning ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi.
Kanalning suv o‘tkazish quvvati 60 foizga oshishi kutilmoqda. Bu suv resurslaridan samaraliroq foydalanish va mavjud tarmoqlarga tushadigan yukni kamaytirishga xizmat qiladi.
Yangilangan kanal orqali 349 ta fermer xo‘jaligining 8,5 ming gektar ekin maydoni hamda aholining 2,8 ming gektar tomorqa yerlarini suv bilan ta’minlash yaxshilanadi.