Buxoro yangiliklari

G‘ijduvondagi “Shoxanbek” suv inshootida reagent zaxirasi yo‘qligi aniqlandi

Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

G‘ijduvon tumanidagi “Shoxanbek” ichimlik suv inshootida zararsizlantirish uchun zarur reagent zaxirasi mavjud emasligi aniqlandi. Bu haqda Buxoro viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.

“Shoxanbek” inshooti “Buxoro suv ta’minoti” AJ G‘ijduvon tumani filiali tasarrufida bo‘lib, Jogare mahallasida joylashgan. Hududiy inspeksiya mutaxassislari undagi zararsizlantirish uskunalarining holatini o‘rgandi.

Jogare mahallasida 1 150 ta xonadon va 5 467 nafar aholi istiqomat qiladi. Hududda 400 o‘rinli maktab, 220 o‘rinli bog‘cha hamda oilaviy poliklinika mavjud bo‘lib, ushbu ijtimoiy obyektlar va xonadonlar ichimlik suvi bilan ta’minlangan.

Tekshiruv vaqtida ichimlik suv inshootida zararsizlantirish jarayonida ishlatiladigan reagent zaxirasi mavjud emasligi qayd etildi.

2015-yil 26-avgustdagi O‘RQ-393-son qonunning 26-moddasiga ko‘ra, ichimlik suvi bilan ta’minlash sohasida faoliyat yurituvchi yuridik shaxslar yetkazib berilayotgan suv sifatining sanitariya qoidalari, gigiyena me’yorlari va milliy standartlarga muvofiqligini ta’minlashi shart.

Aniqlangan holat yuzasidan “Buxoro suv ta’minoti” AJ G‘ijduvon tumani filialiga 2026-yil 4-avgustdagi 1039-sonli bajarilishi majburiy ko‘rsatma kiritildi. Uning ijrosi nazoratga olingan.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version