Jahon

AQSH davlat qarzi ilk bor 40 trillion dollardan oshdi

Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

AQSHning jami davlat qarzi tarixda ilk bor 40 trillion dollardan oshdi. Mamlakat Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, qarz atigi besh oy ichida yana bir trillion dollarga ko‘paygan. Bu haqda Euronews yozmoqda.

Davlat qarzining o‘sishiga federal hukumat xarajatlarining daromadlardan muntazam ravishda yuqori bo‘lishi sabab bo‘lmoqda. Hozir qarz bo‘yicha foiz to‘lovlarining o‘zi yiliga bir trillion dollardan oshgan.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisobiga ko‘ra, 2026-yilda AQSH davlat qarzi 40,7 trillion dollarni, nominal yalpi ichki mahsulot esa 32,4 trillion dollarni tashkil etishi mumkin. Bu qarz hajmi yalpi ichki mahsulotning 125,8 foiziga teng degani.

Federal qarzning 32 trillion dollardan ortiq qismi xususiy investorlar va tashkilotlar qo‘lida. AQSH Moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil iyun oxirida qarzning qariyb 76 foizi ichki investorlar, 24,1 foizi esa xorijiy va xalqaro investorlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2026-moliya yilida federal byudjet taqchilligi 1,9 trillion dollar yoki yalpi ichki mahsulotning 5,8 foizi bo‘lishi kutilmoqda. Kongress Byudjet boshqarmasi xarajatlarni 7,4 trillion dollar, daromadlarni esa 5,6 trillion dollar atrofida baholagan.

Rasmiy prognozlarga ko‘ra, hozirgi yo‘nalish o‘zgarmasa, AQSHning yalpi federal qarzi 2036-yil oxiriga kelib qariyb 64 trillion dollarga yetishi mumkin. Yuqori foiz xarajatlari davlat byudjeti va kelajakdagi soliq to‘lovchilarga tushadigan yukni oshirishi qayd etilgan.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version