Buxoro yangiliklari

Buxoroda davlat tibbiy sug‘urtasi 235 ta tibbiyot muassasasida joriy etilmoqda

Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

21-avgust kuni Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi hamkorligida davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini hududda samarali joriy etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirni boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xushnud Jalilov olib bordi. Bu haqda Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.

Yig‘ilishda tibbiyot muassasalari rahbarlari va mas’ul xodimlari qatnashdi. Unda Prezidentning 2024-yil 5-sentabrdagi PQ-311-son qarori asosida davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Hozirda viloyatdagi 235 ta tibbiyot muassasasi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan tuzilgan shartnomalar asosida faoliyat yuritmoqda.

2026-yilning birinchi yarim yilligida viloyat tibbiyot muassasalarida 167 ming 47 nafar bemor davolangan. Shundan 146 ming 486 nafarining davolanish xarajatlari davlat budjeti hisobidan qoplangan, bemorlarning 49,2 foizi tibbiy yo‘llanma asosida shifoxonalarga joylashtirilgan.

Dori vositalari xarajatlarini qoplash dasturi doirasida dispanser nazoratida turgan 227 ming 700 nafar bemor qamrab olindi. Bu ro‘yxatdagi bemorlarning 62 foizini tashkil etadi.

Hisobot davrida 565 ming 476 ta elektron retsept shakllantirilgan. Ushbu retseptlar bo‘yicha realizatsiya qilingan dori vositalarining umumiy qiymati 23,8 milliard so‘mga yetgan.

Yig‘ilishda tibbiy xizmatlar sifati, ma’lumotlarning shaffof yuritilishi, yo‘llanmalarni rasmiylashtirish, tibbiy hujjatlarni to‘ldirish, dori vositalari bilan ta’minlash hamda profilaktik ko‘riklarni tashkil etish holati alohida ko‘rib chiqildi.

Monitoring jarayonida ayrim muassasalarda hisobotlarni yuritish, elektron tizimlardan foydalanish, laboratoriya tekshiruvlari va elektron yo‘llanmalarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq kamchiliklar aniqlangani qayd etildi.

Mas’ullarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini to‘liq ishlatish, bemorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshirish va barcha jarayonlarda shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version