Buxoro yangiliklari
Vobkentdagi texnikumga 10 ta zamonaviy tikuv va payvandlash uskunasi berildi

Vobkent tumani 1-son texnikumiga beg‘araz homiylik yordami sifatida beshta tikuv mashinasi va beshta nuqtali payvandlash apparati ajratildi. Bu haqda Buxoro viloyati Kasbiy ta’lim boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Jihozlar O‘zbekiston Respublikasining Dubay shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan xorijiy grantlar va homiylik ko‘magini jalb etish doirasida Birlashgan Arab Amirliklarining “INKAS ARMORED” kompaniyasi bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik natijasida taqdim etildi.
Kompaniya rahbari zamonaviy uskunalarni O‘zbekistondagi ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida beg‘araz homiylik yordami sifatida ajratgan.
Yangi tikuv va payvandlash uskunalari texnikumning amaliy mashg‘ulotlar bazasini kengaytiradi. Bu mehnat bozori talablariga mos malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratishi kutilmoqda.