Buxoro yangiliklari
Buxoroda “Cobalt” va “ISUZU” haydovchilariga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yo‘l harakati qoidabuzarligi aks etgan video o‘rganilib, ikki haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Bu haqda Buxoro viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, “Cobalt” rusumli avtomashina haydovchisi orqadan harakatlanib kelayotgan transport vositasiga xalaqit berib, avariya holatini yuzaga keltirgan.
Mazkur haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1285-moddasi 2-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, “ISUZU” rusumli avtobus haydovchisining transport vositasiga ruxsat etilmagan tovush chiqaruvchi qurilma o‘rnatgani aniqlangan. Bu holat yuzasidan kodeksning 127-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma tuzilgan.
Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi barcha haydovchilardan yo‘llarda qoidalarga qat’iy rioya etgan holda harakatlanishni so‘radi.