Buxoro yangiliklari
Buxoroda “Ona va bola reestri” pilot loyihasi joriy etilmoqda

Ona va bola salomatligini muhofaza qilish, homiladorlik davridan boshlab bolaning o‘sishi va rivojlanishini tizimli kuzatishga qaratilgan “Ona va bola reestri” pilot loyihasi Buxoro viloyatida amaliyotga joriy etilmoqda. Bu haqda Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
26-avgust kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filialida loyihani amaliyotga tatbiq etish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi. Unda antenatal parvarish, homilador ayollarni dispanserizatsiya qilish hamda ona va bola salomatligini muhofaza etish masalalari muhokama qilindi.
Buxoro davlat tibbiyot instituti professori Mastura Nigmatullayeva rahbarligida ishtirokchilarga homiladorlikni kuzatish va tibbiy xizmat sifatini oshirishning muhim jihatlari tushuntirildi.
Seminarning asosiy mavzusi “Buxoro viloyatida ona-bola reestri pilot loyihasini amalda qo‘llash” bo‘ldi. Mutaxassislar loyihaning maqsad va vazifalari, uni joriy etish mexanizmlari hamda yagona axborot tizimining tibbiy xizmat samaradorligini oshirishdagi ahamiyati haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda Buxoro davlat tibbiyot instituti akusherlik va ginekologiya kafedrasi xodimlari, tuman va shahar tibbiyot birlashmalarining ona va bolalik masalalari bo‘yicha mas’ul rahbarlari, akusher-ginekologlar, bosh doyalar hamda Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Buxoro viloyati filiali mutaxassislari qatnashdi.
Yangi tizim homiladorlikdan boshlab bolaning o‘sishi va rivojlanishini yagona axborot bazasida kuzatish, tibbiy yordamga ehtiyojni erta aniqlash va profilaktik tadbirlarni samarali tashkil etish imkonini beradi.