Buxoro yangiliklari
Buxoro markazida 100 kishilik yangi restoran ochilib, 30 ta ish o‘rni yaratildi

Buxoro shahrining tarixiy markazida mehmonlar uchun mo‘ljallangan yangi gastronomik loyiha — “LALE” restorani o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda Buxoro viloyati Turizm boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Milliy qadriyatlar va zamonaviy qulayliklar uyg‘unligida tashkil etilgan restoran mehmonlarga sharqona taomlar hamda xizmatlar taklif etadi. Muassasa bir vaqtning o‘zida 100 nafargacha mijozga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Loyihaning ishga tushirilishi natijasida 30 nafar fuqaro doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi.
Yangi gastronomik maskan shahar aholisi bilan birga Buxoroga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan.
Restoran Buxoro shahri, Kokuli kalon ko‘chasi, 3-uy manzilida joylashgan.