Buxoro yangiliklari
Buxoroda zamonaviy uzumzorlar va qayta ishlash loyihalari amalga oshiriladi

“Agrostar” kompaniyasi Buxoro viloyatida uzumchilikni rivojlantirishga qaratilgan yirik istiqbolli loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Rejalarga ko‘ra, hududda zamonaviy uzumzorlar barpo etilib, serhosil navlar maydoni kengaytiriladi. Yetishtirish jarayoniga ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish ham ko‘zda tutilgan.
Loyihalar doirasida uzumni qayta ishlash va eksport qilish quvvatlarini oshirish rejalashtirilmoqda. Bu uzum yetishtirish hajmini ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadini oshirish hamda viloyatning agrar salohiyatidan samaraliroq foydalanishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Viloyat hokimi Botir Zaripov ushbu rejalar haqida an’anaviy “Qovun sayli” tadbirida ma’lum qildi.