Buxoro yangiliklari
Buxoro futbol akademiyasining yangi binosi foydalanishga topshirildi

Buxoro futbol akademiyasining yangi binosi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov, viloyat rahbarlari, mas’ullar va sport sohasi vakillari ishtirok etdi. Bu haqda Buxoro viloyati Sport boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Yangi akademiya binosi yosh futbolchilarning zamonaviy ta’lim olishi, professional sport bilan shug‘ullanishi hamda mashg‘ulotlarini yuqori saviyada olib borishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar bilan jihozlangan.
Akademiya hududida yosh futbolchilar uchun markaziy o‘yingoh, ikkita mashg‘ulot maydoni, zamonaviy sport zali, trenajor zali, 150 o‘rinli yotoqxona va oshxona barpo etilgan. Shuningdek, o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun zamonaviy sinf xonalari tashkil etilgan.
Tantanali tadbir davomida viloyat hokimi yoshlarni yangi o‘quv yili boshlangani bilan tabriklab, ularga ta’lim olish va futbol mashg‘ulotlarida muvaffaqiyat tiladi. Shundan so‘ng yangi binoning ramziy ochilish marosimi o‘tkazilib, mehmonlar akademiya faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tadbir ishtirokchilari akademiyadagi zamonaviy sinf xonalari, sport obyektlari, yotoqxona va oshxonani ko‘zdan kechirib, yosh futbolchilar uchun yaratilgan sharoit hamda imkoniyatlarni o‘rgandi.
Yangi infratuzilma akademiya tarbiyalanuvchilarining ta’lim va sport mashg‘ulotlarini uyg‘un ravishda olib borishi, ularning jismoniy hamda professional tayyorgarligini yanada oshirishi uchun muhim imkoniyat yaratadi.
Tashrif davomida viloyat hokimi ayni paytda Buxoro futbol akademiyasida mashg‘ulot olib borayotgan viloyatning bosh jamoasi — PFC “Buxoro” futbolchilari bilan ham uchrashdi.
Botir Zaripov jamoaning mashg‘ulot jarayonini kuzatib, futbolchilarga kelgusidagi uchrashuvlarda omad va muvaffaqiyat tiladi.