Buxoro yangiliklari
Kogonda xonadonga kelib qolgan sapsan qushi tabiatga qaytarildi

Kogon shahrining Xo‘jabargi mahallasida yashovchi fuqaro xonadoniga noma’lum sababga ko‘ra yovvoyi qush kelib qolganini ekologiya bo‘limi davlat inspektorlariga ma’lum qildi. Bu haqda Buxoro viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Murojaat yuzasidan davlat inspektorlari voqea joyiga borib, holatni o‘rgandi. Xonadonga kelib qolgan yovvoyi qush sapsan — Falco peregrinus ekani aniqlandi. Mutaxassislar qushning umumiy holatini ko‘zdan kechirib, uning sog‘lom va tabiatga qaytarish mumkinligiga ishonch hosil qildi.
Tekshiruvdan so‘ng sapsan qushi tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborildi.
Sapsan juda tez uchadigan yirtqich qush bo‘lib, sho‘ng‘ish paytida soatiga 300 kilometrdan ham yuqori tezlikka erishishi mumkin.
U asosan mayda va o‘rta hajmdagi qushlar bilan oziqlanadi. Qoya, baland bino va boshqa baland joylarda qo‘nishni xush ko‘radi.
Sapsan dunyoda keng tarqalgan lochinlardan biri hisoblanadi. Yovvoyi qush bo‘lgani sababli uni tutish yoki asossiz ravishda tutqunlikda saqlash mumkin emas.