Buxoro yangiliklari

Peshkuda 300 nafardan ortiq ehtiyojmand fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi

Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Peshku tumanidagi 33-oilaviy poliklinikada 5-sentabr kuni ehtiyojmand aholi va kambag‘al oilalar vakillari uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Kunning birinchi yarmida 300 nafardan ortiq fuqaro malakali mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazildi. Bu haqda Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.

Ko‘riklar Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti professor-shifokorlari hamda Peshku tuman tibbiyot birlashmasi mutaxassislari hamkorligida o‘tkazildi.

Ushbu ishlar viloyat sog‘liqni saqlash tizimida tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, yordamni manzilli va samarali tashkil etishga qaratilgan «Dolzarb 60 kunlik strategik o‘zgarishlar» dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

Dasturda, avvalo, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga tibbiy yordamni kuchaytirish, «Kambag‘allikdan farovonlik sari» tamoyili asosida «og‘ir» toifadagi mahallalarda yashovchi fuqarolarning tibbiy muammolarini manzilli o‘rganish vazifalari belgilangan.

Ko‘rik davomida fuqarolarning salomatlik holati chuqur o‘rganilib, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi. Qo‘shimcha tekshiruv va davolanishga muhtoj bemorlar uchun tegishli choralar belgilandi.

Zarur hollarda bemorlarni ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalariga yo‘naltirish hamda davolanish jarayonini nazoratga olish choralari ko‘rilmoqda.

Manzilli yondashuv ijtimoiy reyestrga kiritilgan va tibbiy yordamga muhtoj fuqarolarni erta aniqlash, davolash bilan qamrab olish va salomatligini tiklashga xizmat qiladi. Insonning mehnat qobiliyati tiklanishi uning ish bilan ta’minlanishi, daromad topishi va oila farovonligini oshirish imkoniyatini kengaytiradi.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version