Buxoro yangiliklari
Buxoroda 58 mingdan ortiq fuqaro tibbiy-ijtimoiy ko‘mak bilan qamrab olindi

Buxoro viloyatida ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan, kam ta’minlangan va ehtiyojmand aholi vakillariga tibbiy xizmatni yaqinlashtirish maqsadida tibbiy ko‘rik hamda tibbiy-ijtimoiy ko‘mak ishlari davom ettirilmoqda. Bu haqda Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
2026-yil 5-sentabr holatiga ko‘ra, 58 084 nafar fuqaro tibbiy-ijtimoiy ko‘mak bilan qamrab olindi. Shundan 3 807 nafari zarur dori-darmon vositalari bilan ta’minlandi, 25 812 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘riklar davomida 3 486 nafar fuqaroda kasalliklar aniqlanib, ularni davolash choralari belgilandi.
Davolanishga muhtoj fuqarolarning 3 646 nafari ambulator, 210 nafari esa statsionar tartibda davolanmoqda. Patronaj xodimlari 4 431 ta xonadonga borib, aholining holidan xabar oldi. Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha 7 522 ta profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Yuqori texnologik tibbiy yordam bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotga ko‘ra, 401 nafar bemor bola tibbiyot muassasalariga yotqizilgan. Ularning 341 nafarida yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.
Onkologik, gematologik va onkogematologik tashxis qo‘yilgan 130 nafar bemor maxsus tibbiy yordam olish uchun shifoxonalarga joylashtirilgan. Ularning 41 nafarida murakkab jarrohlik operatsiyalari bajarilgan.
Jigar va buyrak transplantatsiyasi uchun 16 nafar bemor tibbiyot muassasalariga yotqizilib, 15 nafarida transplantatsiya operatsiyasi amalga oshirilgan. Boshqarma mazkur ishlar ehtiyojmand bemorlarning salomatligini tiklash va hayot sifatini yaxshilashga qaratilganini qayd etdi.