Buxoro yangiliklari

Qorovulbozorda A-380 yo‘li bo‘ylab o‘n minglab daraxt ekishga tayyorgarlik boshlandi

Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovning Qorovulbozor tumaniga tashrifi davomida hududdan o‘tuvchi A-380 xalqaro avtomobil yo‘li bo‘yini obodonlashtirish, unga tutash zovurlar atrofini tartibga keltirish va “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘chat ekishni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.

Mazkur topshiriq ijrosiga kirishilib, belgilangan hududlarda dastlabki tayyorgarlik ishlari boshlandi.

Ayni paytda “Jarqoq” mahallasi kirish qismidan “Navbahor” mahallasigacha bo‘lgan 10 kilometrdan ortiq masofada yo‘l bo‘yi va unga tutash zovurlar atrofi tartibga keltirilmoqda.

Maxsus texnikalar yordamida hudud tekislanib, to‘planib qolgan ortiqcha tuproq olib chiqilmoqda.

Tayyorlanayotgan maydonlarga kuzgi mavsumda o‘n minglab suvsizlikka chidamli manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan.

Ishlar yakunlangach, A-380 magistral yo‘lining Qorovulbozor tumani hududidan o‘tuvchi qismi bo‘ylab keng yashil hudud shakllantiriladi.

Ko‘kalamzorlashtirishni yo‘l bo‘yidagi mavjud yerlardan samarali foydalanish bilan uyg‘unlashtirish ham ko‘zda tutilgan. Yangi daraxtzorlar hudud qiyofasini yaxshilash va yashil maydonlarni kengaytirishga xizmat qiladi.

Hozir tayyorlanayotgan maydonlar kelgusida Qorovulbozorning asosiy avtomobil yo‘llari bo‘yidagi yangi yashil hududlarga aylantiriladi.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version