Buxoro yangiliklari
Buxoroda 102 nafar ehtiyojmand ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, 63 nafarida kasallik aniqlandi

Buxoro shahrida ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar tashkil etildi. Dastlabki kunda 102 nafar ayol ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning 63 nafarida turli kasalliklar aniqlandi. Bu haqda Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Ko‘riklar Buxoro shahridagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar «G‘amxo‘rlik» markazida parvarishlanayotgan xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash va zarur tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida o‘tkazilmoqda.
Tibbiy ko‘riklar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 25-martdagi PF–6195-son Farmoni ijrosi doirasida 15–17-sentabr kunlari o‘tkazilmoqda. Jarayonda markazda parvarishlanayotgan jami 299 nafar xotin-qizni qamrab olish rejalashtirilgan.
Ko‘riklarda Buxoro shahridagi tibbiyot muassasalari shifokorlari bilan birga viloyat darajasidagi 15 nafar tor soha mutaxassisi ishtirok etmoqda.
Tadbirning birinchi kunida 102 nafar xotin-qiz tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Tekshiruvlar davomida 63 nafar fuqaroda turli kasalliklar aniqlangan.
Kasallik aniqlangan har bir ayolga sog‘lomlashtirish, davolanish va zarur tibbiy choralarni ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, aniqlangan kasalliklarni nazoratga olish va keyingi davolash jarayonlarini tashkil etish yuzasidan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Bunday manzilli ko‘riklar davlat qaramog‘idagi va nogironligi bo‘lgan shaxslar salomatligini muntazam nazorat qilish, kasalliklarni erta bosqichda aniqlash hamda ularga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatishga xizmat qiladi.