Buxoro yangiliklari

Buxoroda qariyb 13 kilogramm opiy noqonuniy muomaladan olindi

Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Buxoro va Surxondaryo viloyatlari bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bojxona organlari bilan hamkorlikda yirik miqdordagi opiy moddasining noqonuniy muomalasiga chek qo‘ydi. Bu haqda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.

Tezkor tadbir davomida Surxondaryo–Buxoro yo‘nalishida harakatlangan «Lacetti» rusumli avtomobil Kogon tumanida to‘xtatilgan. Avtomobilni ilgari giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan Buxoro shahri fuqarosi boshqargan.

Transport vositasi ko‘zdan kechirilganda, dvigatel qismidagi havo filtri ostiga yashirilgan 993 gramm opiy moddasi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Surishtiruv davomida mazkur moddani yetkazib bergan shaxs Termiz tumanida aniqlangan. Undan yana 5 kilogramm opiy olingan, yashash manzili tekshirilganda esa qo‘shimcha 7 kilogramm opiy topilgan.

Shu tariqa tezkor tadbirlar natijasida jami qariyb 13 kilogramm opiy noqonuniy muomaladan chiqarilgan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version