Buxoro yangiliklari
Buxorolik tadqiqotchi gaz uzatish agregatlari samaradorligini 6–7 foizga oshiradigan yechim yaratdi

Buxoro davlat texnika universiteti tadqiqotchisi Alixan Umarov neft-gaz sohasida qo‘llaniladigan gaz uzatish kompressor agregatlarining samaradorligi va ishonchliligini oshirishga qaratilgan yangi muhandislik yechimini ishlab chiqdi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Tadqiqot moylarning termooksidlanishi va destruksiyasining oldini olishga qaratilgan. Ishning asosiy maqsadi konlar hamda magistral gaz quvurlarida foydalaniladigan kompressor agregatlari konstruksiyasini takomillashtirish orqali ularning barqaror ishlashini ta’minlashdan iborat.
Alixan Umarov izlanishlarni Gazli gazni qayta ishlash zavodi hamda «Gazli magistral gaz quvurlari» boshqarmasi bilan hamkorlikda olib bordi. Tajribalar ushbu tashkilotlarda o‘tkazilib, taklif etilgan ishlanmaning maxsus maketi ham tayyorlandi.
Laboratoriya sharoitida moylarning holati, termik ta’sir ostidagi o‘zgarishi va agregat ish jarayoniga ta’siri tahlil qilindi. Olingan natijalar kompressor qurilmasining ayrim konstruktiv qismlarini takomillashtirish imkonini ko‘rsatdi.
Hisob-kitob va tajriba natijalariga ko‘ra, takomillashtirilgan konstruksiya agregatning ish samaradorligini 6–7 foizga oshirishi mumkin. Shu bilan birga, uskunaning ta’mirga bo‘lgan ehtiyojini 90 foizgacha kamaytirish imkoniyati qayd etilgan.
Yangi yechim neft-gaz sohasidagi kompressor agregatlarining ishonchliligini oshirish, ulardan foydalanish xarajatlarini qisqartirish va texnik xizmat ko‘rsatish samaradorligini yaxshilashga xizmat qilishi mumkin.