Buxoro yangiliklari
Behzod Adizov viloyat SSB boshlig‘i matbuot kotibi lavozimiga tayinlandi

Behzod Tursunovich Adizov tegishli buyruq asosida Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi — matbuot kotibi etib tayinlandi.
Tayinlovga qadar u Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida axborot siyosati yo‘nalishida mas’ul lavozimda faoliyat yuritib kelgan.
Behzod Adizov Romitan tumanida tug‘ilgan. U O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetida bakalavr darajasini olgan. Shuningdek, Buxoro davlat universiteti hamda Indoneziyaning Gunadarma University universitetini tamomlagan.
Ayni paytda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida siyosiy fanlar yo‘nalishida ilmiy tadqiqot olib bormoqda.
Yangi lavozimda Behzod Adizov boshqarmaning axborot siyosati va media faoliyatini muvofiqlashtirish, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, sog‘liqni saqlash sohasiga oid ma’lumotlarni tezkor va xolis yoritish hamda jamoatchilik bilan ochiq muloqotni ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.
Shuningdek, uning vazifalari qatoriga Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi media markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va tizimdagi axborot almashinuvini yanada samarali tashkil etish ham kiradi.