Buxoro yangiliklari
Kogon tumanida 4 ta sport inshooti va 3 ta vorkaut maydoni barpo etildi

Kogon tumanida sport infratuzilmasini rivojlantirish va yoshlarni sportga keng jalb etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning asosiy natijalari ma’lum qilindi. Bu haqda Buxoro viloyati Sport boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
So‘nggi yillarda tumanda 4 ta sport inshooti va 3 ta vorkaut maydoni barpo etilib, sportchilar va yoshlarning mashg‘ulot o‘tashi uchun yangi sharoitlar yaratildi.
2026-yil “Tashabbusli budjet” loyihasining ikkinchi mavsumida sport yo‘nalishidagi qiymati 1,6 milliard so‘mlik loyiha g‘olib deb topildi.
Ayni paytda Kogon tumanida 53 nafar malakali sport murabbiyi faoliyat yuritmoqda. Ularning 17 nafari oliy, 22 nafari esa birinchi toifali murabbiy hisoblanadi.
Tumandagi 570 nafar sportchi turli sport razryadlariga ega. Ularning 24 nafari “O‘zbekiston Respublikasi sport ustasi”, 11 nafari esa “Xalqaro toifadagi sport ustasi” unvoniga sazovor bo‘lgan.
Ustoz va murabbiylar kuni arafasida bir guruh iqtidorli sportchilar hamda ularning murabbiylari erishgan natijalari uchun taqdirlandi. Tadbirda sportchilar yutuqlari va murabbiylarning yoshlarni tayyorlashdagi hissasi e’tirof etildi.
Taqdirlanganlarga esdalik sovg‘alari hamda jismoniy tarbiya va sport rivojiga qo‘shgan hissasi uchun ta’sis etilgan ko‘krak nishonlari topshirildi.