Buxoro yangiliklari

Buxoro yaqinida 40 gektarlik “Yangi O‘zbekiston bog‘i” barpo etilmoqda

Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Buxoro shahrining Buxoro tumaniga yondosh “Bog‘idasht” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida ajratilgan 40 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston bog‘i” barpo etilmoqda. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.

Loyiha aholi uchun zamonaviy va ko‘rkam dam olish maskanini yaratish, shuningdek, madaniy-ma’rifiy va ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun zarur infratuzilmani shakllantirishga qaratilgan.

Hududdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari viloyat hokimi Botir Zaripov tomonidan doimiy nazorat qilib borilmoqda.

25-sentabr kuni viloyat rahbari avvalgi o‘rganishlar davomida berilgan topshiriq va ko‘rsatmalar ijrosini nazorat tartibida yana bir bor ko‘zdan kechirdi. Unga loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, belgilangan rejalar va navbatdagi vazifalar haqida ma’lumot berildi.

Loyihani amalga oshirish jarayonida yuzaga kelayotgan masalalar mas’ullar ishtirokida muhokama qilindi. Ularni bartaraf etish va ishlarni jadallashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Hududni ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish orqali aholining oilaviy hordiq chiqarishi, sport bilan shug‘ullanishi hamda bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun munosib sharoit yaratiladi.

Majmua zamonaviy yoritish va akustika tizimlari bilan jihozlanadi. Kelgusida bu yerda umumxalq bayramlari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, konsertlar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.

Viloyat hokimi ishlarni sifatli tashkil etish, belgilangan muddatlarga qat’iy rioya qilish va yaratiladigan infratuzilmaning aholi ehtiyojlariga mos bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berdi.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version