Buxoro yangiliklari
G‘ijduvonda 55 nafar xotin-qiz milliy liboslar tikish orqali ish bilan ta’minlandi

G‘ijduvon tumanining Yuqori Havzak aholi punktida yo‘lga qo‘yilgan milliy liboslar tikish faoliyati 55 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minladi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Tadbirkor Gulhayo Muhammedova tomonidan bir xonadonda boshlangan tashabbus bugun ijtimoiy va iqtisodiy samarasi bilan ajralib turadigan ishlab chiqarish faoliyatiga aylangan.
Ayni paytda bu yerda 55 nafar xotin-qiz milliy liboslarni tayyorlash jarayonida mehnat qilib, oilasi uchun barqaror daromad manbaiga ega bo‘lmoqda. Ularning o‘rtacha oylik daromadi 2,5–3,5 million so‘mni tashkil etadi.
Ishlab chiqarish jarayoni kasanachilik bilan ham uyg‘unlashtirilgan. Hududdagi ishsiz xotin-qizlarni mehnatga jalb qilish maqsadida 25 ta xonadonda kasanachilik asosida ish tashkil etilgan bo‘lib, ularda faoliyat yuritayotganlarning o‘rtacha daromadi 2,5 million so‘m atrofida.
Kasanachilik, ayniqsa, uy sharoitida ishlash imkoniyatiga muhtoj xotin-qizlar uchun qulay sharoit yaratmoqda. Ular o‘z xonadonida turib mehnat qilishi, daromad topishi va oila yumushlarini ish bilan uyg‘unlashtirishi mumkin.
Korxonada tayyorlanayotgan milliy liboslarga mahalliy hudud bilan birga boshqa viloyatlarda ham talab mavjud. Mahsulotlar O‘zbekistonning turli hududlariga, shuningdek, qo‘shni Qozog‘iston Respublikasiga yetkazib berilmoqda.
Ishlab chiqarish hajmini va yangi buyurtmalarni qabul qilish imkoniyatini kengaytirish rejalashtirilgan. Talabning ortishi sabab hududdagi yana 20 nafar xotin-qizni kasb-hunarga o‘qitish hamda ish bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy choralar belgilangan.
Milliy libos tikish katta mehnat, did va mahorat talab qiladi. Har bir libosda milliy naqshlar va an’analar zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashtiriladi.
Gulhayo Muhammedovaning faoliyatida milliy qadriyatlarni asrab-avaylash bilan birga ularni zamonaviy tadbirkorlik imkoniyatlari bilan bog‘lashga e’tibor qaratilgan. Shu tariqa bir xonadonda boshlangan tashabbus 55 nafar xotin-qiz uchun ish, 25 ta xonadon uchun esa daromad manbaiga aylangan.