Buxoro yangiliklari

Buxoroda “Quyoshga qo‘l cho‘zgan odam” premyerasi

Foto: Buxoro viloyat musiqali drama teatri

28-sentabr kuni Buxoro viloyati musiqali drama teatrida “1-oktabr — Ustoz va murabbiylar kuni” arafasida taniqli yozuvchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Qo‘chqor Norqobil qalamiga mansub “Quyoshga qo‘l cho‘zgan odam” asari asosidagi spektakl premyerasi namoyish etildi.

Yosh rejissyor Orziqul Primov tomonidan sahnalashtirilgan spektaklni 700 nafardan ortiq tomoshabin kuzatdi.

Premyera munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda teatr bosh rejissyori Laziz Navro‘zov, asar muallifi Qo‘chqor Norqobil, Teatr arboblari uyushmasi mas’ul xodimi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yo‘ldosh Genjayev, marhum ustoz — O‘zbekiston Xalq maorifi a’lochisi To‘xtamurod Jumayevning katta o‘g‘li Bobojon Jumayev hamda Buxoro davlat universiteti huzuridagi Qorako‘l akademik litseyi direktori G‘olib Jumaqulov so‘zga chiqdi.

Unda To‘xtamurod Jumayevning pedagogik faoliyati va ta’lim sohasidagi xizmatlari yodga olinib, spektaklni yaratishda ishtirok etgan teatr ijodiy jamoasining mehnati e’tirof etildi.

“Quyoshga qo‘l cho‘zgan odam” spektakli O‘zbekiston mustaqilligi arafasida tashkil etilgan mashhur Qorako‘l matematika maktabining asoschisi To‘xtamurod Jumayev hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan. Asarda pedagogning matematika maktabini tashkil etish yo‘lida duch kelgan qiyinchiliklari, byurokratik to‘siqlar va qarshiliklarni yengib o‘tishi sahna voqealari orqali yoritilgan.

Spektaklda bosh qahramon obrazini Buxoro viloyati musiqali drama teatrining oliy toifali drama artisti, “Shuhrat” medali sohibi Anvar Mavlonov ijro etdi.

Shuningdek, Jamila Shodmonova, Shodi Subhonov, Baxtiyor Pirmatov, Mashhura Karimova, Faxriddin Shomurodov, Bahrom Boltayev, Islombek Islomov, Hamid Islomov, Amir G‘afforov va Nurillo Cho‘liyev turli obrazlarda sahnaga chiqdi.

Spektakl ustida bosh rejissyor Laziz Navro‘zov rahbarligidagi ijodiy guruh ham ishladi. Farhod Hotamov sahnalashtiruvchi rassom, Yuriy Ismagilov musiqiy bezakchi, Shamshod Davronov chiroq ustasi, Nargiza Jumayeva esa kostyumer sifatida ijodiy jarayonda qatnashdi.

Premyera yakunida tomoshabinlar asar muallifi, rejissyor va aktyorlar bilan muloqot qilib, spektakl haqidagi fikrlarini bildirdi. Ijodiy jamoaga gul dastalari taqdim etildi.

Mazkur sahna asari ustoz va murabbiylar bayrami arafasida fidoyi pedagog To‘xtamurod Jumayev xotirasiga bag‘ishlangan holda tomoshabinlarga taqdim etildi.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version