Buxoro yangiliklari
Olotning “Pichoqchi” mahallasida ming tupdan ziyod gul ko‘chati parvarishlanmoqda

Olot tumanining “Pichoqchi” mahallasida Sherali Nazirov va Farida Haqqiyeva xonadonida ming tupdan ziyod, 20 dan ortiq navdagi gul ko‘chatlari parvarishlanmoqda. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Olot tumanida mahalla va ko‘chalarda gulchilikni rivojlantirish, xonadonlarni ko‘kalamzorlashtirish hamda aholining estetik madaniyatini yuksaltirishga e’tibor qaratilmoqda. “Usmonshayx”, “Nurobod”, “Pichoqchi” va “Denov” mahallalarida tomorqalardan samarali foydalanish, sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirish, issiqxonalarni rivojlantirish bilan bir qatorda gulchilikni yo‘lga qo‘ygan xonadonlar soni ham ortmoqda.
Sherali Nazirov va Farida Haqqiyeva oilasi hovlisida o‘nlab turdagi nafis va xushbo‘y o‘simliklarni parvarishlamoqda. Xonadon egalari dastlab gul ekish va ko‘chat ko‘chirish bilan havas sifatida shug‘ullangan, keyinchalik gullarni ko‘paytirib, avval qo‘ni-qo‘shni va mahalladoshlarga yetkazib bergan, so‘ngra sotishni ham yo‘lga qo‘ygan.
Farida Haqqiyevaning aytishicha, bugungi kunda xonadonda ming tupdan ortiq gul ko‘chati bor. Ular 20 dan ziyod navga mansub bo‘lib, har bir ko‘chatga alohida e’tibor va mehr bilan qaraladi.
Xonadonda aloening bir necha turi, geran, sansevieriya, atirgul, tol guli, bargi tomosha va boshqa manzarali o‘simliklar yetishtiriladi. Parvarish jarayonida gullarning sog‘lom o‘sishi, ko‘rkamligi va nav xususiyatlarini saqlashga e’tibor beriladi.
Haqkiyevlar yetishtirayotgan gullar bozorda turiga va hajmiga qarab 5 ming so‘mdan 150 ming so‘mgacha bo‘lgan narxlarda sotilmoqda. Shu tariqa gulchilik sevimli mashg‘ulotdan oilaning qo‘shimcha daromad manbaiga aylangan.
Hovlining turli qismlarida rayhon va xushbo‘y o‘simliklardan tortib atirgul, kanna, po‘lochguli hamda boshqa manzarali o‘simliklargacha did bilan joylashtirilgan. Bu xonadonning ko‘rkini oshirish bilan birga, mahallaga ham fayz bag‘ishlamoqda.
Xonadon egalari ko‘p yillik tajriba va gullarga bo‘lgan mehr asosida gulchilikni yanada kengaytirishni rejalashtirgan. Oilaviy mehnat hovli obodonchiligi va turmush farovonligiga xizmat qilmoqda.