Buxoro yangiliklari
Buxoroda Sloveniyadagi vakansiyalar taqdim etiladigan xalqaro mehnat yarmarkasi o‘tkaziladi

Buxoroda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining viloyat hududiy filialida xalqaro mehnat yarmarkasi o‘tkaziladi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Yarmarkada Sloveniyadagi ish beruvchilar taqdim etgan 18 turdagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishish va ish beruvchilar takliflari haqida batafsil ma’lumot olish mumkin. Xabar matnida vakansiyalar soni mingga yaqin ekani, ilova qilingan e’londa esa 500 ga yaqin bo‘sh ish o‘rni borligi ko‘rsatilgan.
Vakansiyalar orasida yuk va yo‘lovchi transporti haydovchilari, yuk avtomobili mexanigi, qurilish ustasi va ishchilari, maxsus texnika operatori, elektrik, ishlab chiqarish operatorlari, o‘rmon xo‘jaligi, tibbiyot, ma’muriyat va savdo yo‘nalishidagi ishlar bor.
Yarmarka 12-oktyabr kuni soat 09:00 da Kasbiy ko‘nikmalar markazida boshlanadi.
Qo‘shimcha ma’lumotni “Migratsiya Buxoro” kanalidan yoki 55 307-56-99 telefon raqami orqali olish mumkin.