Buxoro yangiliklari
Buxoro shahridagi uchta oilaviy poliklinika va markaziy poliklinika yangilanmoqda

Buxoro shahridagi 3-, 6- va 9-sonli oilaviy poliklinikalar hamda Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada qurilish va ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Bu haqda Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Loyihalar 2026-yil 15-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning Buxoro viloyatiga tashrifi davomida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Ishlarning asosiy maqsadi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami sifatini oshirish, muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va aholi uchun qulay sharoit yaratishdan iborat.
3-sonli oilaviy poliklinikaning yangi binosi “HMM Group” MCHJ tomonidan qurilmoqda. Avval eski bino to‘liq buzilib, yangi inshoot quriladigan hudud tayyorlangan. Hozir 2,75 metr chuqurlikdagi kotlovan qazish ishlari yakunlanish arafasida, keyingi bosqichda maydonni qum-shag‘al aralashmasi bilan to‘ldirish rejalashtirilgan.
6-sonli oilaviy poliklinika uchun bunyod etilayotgan besh qavatli binoning umumiy qiymati 24 milliard so‘mni tashkil etadi. Qurilishni “HMM Group” MCHJ olib bormoqda. Birinchi qavat tomini yopish ishlari bajarilmoqda, lift shaxtalari qurib bo‘lingan, ikkinchi qavat uchun zarur materiallar jamlangan. Ob’yektda 30 nafar ishchi mehnat qilmoqda.
9-sonli oilaviy poliklinikaning yangi binosini “Orient Bukhara” MCHJ qurmoqda. Qiymati 24 milliard so‘m bo‘lgan besh qavatli inshootning uchinchi qavatida tom yopish ishlari olib borilmoqda. Birinchi va ikkinchi qavatlarda metall konstruksiyalar o‘rnatilib, gazoblok terilmoqda, birinchi qavatda esa santexnika tizimlari montaj qilinyapti.
Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada tozalash va demontaj ishlari to‘liq tugallangan. Ayni paytda bino ichida elektr montaj va santexnika ishlari bajarilmoqda, tashqi fasad qismini germetik qoplash ishlari ham davom etmoqda.
Mazkur loyihalar yakunlangach, shahar tibbiyot muassasalari infratuzilmasi yangilanib, aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengayadi. Zamonaviy binolar shifokorlar uchun qulay mehnat sharoitini yaratishi va birlamchi tibbiy yordam sifatini oshirishi kutilmoqda.
Qurilish va ta’mirlash loyihalari tibbiy xizmatlarni aholi yashash joyiga yaqinlashtirish, muassasalarning quvvatini oshirish hamda bemorlar va tibbiyot xodimlari uchun zamonaviy sharoit yaratishga xizmat qiladi.