Buxoro yangiliklari
Buxoro viloyatida 418 bemorda yuqori texnologik operatsiyalar bajarildi

Buxoro viloyatida ehtiyojmand bemorlarni yuqori texnologik tibbiy yordam bilan qamrab olish ishlari izchil davom etmoqda. Bu haqda Buxoro viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Viloyatdagi tibbiyot muassasalariga jami 414 nafar bemor bola yotqizildi. Ularning 350 nafarida yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Onkologik, gematologik va onkogematologik tashxis qo‘yilgan 130 nafar bemor maxsus tibbiy yordam olish uchun shifoxonalarga joylashtirildi. Shundan 51 nafarida murakkab jarrohlik operatsiyalari bajarildi.
Shuningdek, jigar va buyrak transplantatsiyasiga muhtoj 17 nafar bemor tibbiyot muassasalariga yotqizildi hamda ularning barchasida transplantatsiya amaliyoti amalga oshirildi.
Boshqarma qayd etishicha, bu ko‘rsatkichlar ortida salomatligi tiklanayotgan insonlar, oilalarga qaytayotgan umid va hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan tibbiy yordam turibdi.