Buxoro yangiliklari

Buxorodagi tokzorda qariyb 10 ming tup qulupnay ko‘chati ekildi

Foto: Buxoroisharif.uz (SI)

Buxoro tumanining “Turkon” mahallasida yashovchi Shahobiddin Zaripov tokzor qatorlari orasida qulupnay yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Sentabr o‘rtalarida 10 sotix maydonga qariyb 10 ming tup ko‘chat ekildi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.

Uzoq yillardan buyon bog‘dorchilik va uzumchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan Shahobiddin Zaripovning xo‘jaligida 1 gektar maydonda “Avatar” va “Husayni” uzum navlari parvarishlanmoqda. Qator oralarida qulupnay yetishtirish mavjud yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, bir maydondan bir necha turdagi mahsulot olish hamda oilaga qo‘shimcha daromad keltirishga qaratilgan.

Qulupnay dastlab tajriba tariqasida ekilgan. Namangan viloyatining Chust tumanidan “Alba” va “Malga” navlariga mansub ko‘chatlar keltirildi. Hozirda ularning mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga moslashuvi, ildiz otishi va rivojlanishi muntazam kuzatilmoqda.

Sug‘orish, oziqlantirish, begona o‘tlardan tozalash, kasallik va zararkunandalardan himoya qilish hamda o‘simliklar rivojlanishini nazorat qilish ishlari belgilangan tartibda olib borilmoqda. Kuz-qish mavsumida Buxoroda havo haroratining pasayishi hisobga olinib, ko‘chatlarni sovuqdan asrash uchun maydon usti maxsus plyonka bilan yopilmoqda.

Shahobiddin Zaripovning aytishicha, chustlik mirishkorlar bilan hamkorlikda ekilgan qariyb 10 ming tup ko‘chatdan sifatli hosil olish uchun agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri tashkil etish asosiy maqsad hisoblanadi. Kelgusida tabiiy, toza va sifatli qulupnaydan 5 tonna atrofida hosil olish, mahsulotni aholi dasturxoniga yetkazish va oilaning qo‘shimcha daromad manbaini yaratish rejalashtirilgan.

Tajribaning dastlabki natijalari ijobiy bo‘lsa, qulupnay maydonini kengaytirish va ko‘chatlar sonini ko‘paytirish ko‘zda tutilgan. Turli mavsumlarda turli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish xo‘jalikning birgina mahsulotga bog‘lanib qolmasdan daromadini oshirishiga imkon beradi.

Xo‘jalikda uzumchilikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Vodiy bog‘bonlari tajribasi asosida yangi navlarga mos agrotexnik tadbirlar qo‘llanib, toklarni o‘z vaqtida butash, oziqlantirish va hosildorlikni oshirish ishlari olib borilmoqda. Tadbirkor oila a’zolari ko‘magida 1 gektarlik tokzordan 5 tonnadan ziyod sarxil uzum olishga harakat qilayotganini, hosil ko‘rsatkichi yomon emasligini bildirdi.

Shahobiddin Zaripovning hisob-kitoblariga ko‘ra, uzumchilik bilan bir qatorda qulupnay yetishtirishdan kelgusida olinadigan daromad 150 million so‘mdan kam bo‘lmasligi kutilmoqda. Bir xo‘jalikda ikki yo‘nalishni uyg‘unlashtirish yer maydonidan yil davomida unumli foydalanishga xizmat qiladi.

Hokimlik matbuot xizmati ushbu tashabbusni tomorqa va qishloq xo‘jaligi yerlaridan oqilona foydalanish, oilaviy daromadni oshirish hamda mahalladagi boshqa tomorqa egalari uchun amaliy namuna sifatida qayd etdi. Bunday tajribalarni kengaytirish talab yuqori mahsulotlar yetishtirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishga xizmat qiladi. Batafsil ma’lumot.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version