Buxoro yangiliklari
Buxoroda 2- va 33-sonli avtobuslar “Karvon shopping center” orqali qatnaydi

Buxoro shahrida yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida 2026-yil 5-oktabrdan 2- va 33-sonli avtobus yo‘nalishlarining qatnov sxemasi o‘zgartirildi. Endilikda ular “Karvon shopping center” (Karvon savdo markazi) orqali harakatlanadi. Bu haqda Buxoro viloyati transport boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
2-sonli avtobus “Karvon” bozori tomon harakatlanganda Mustaqillik ko‘chasi, ya’ni “Nihol” aylanma chorrahasidan Zulfiya ko‘chasiga, undan “Karvon shopping center”ga o‘tadi. Keyin M. Iqbol ko‘chasi orqali avvalgi yo‘nalishi bo‘ylab qatnovni davom ettiradi.
“Tutkunda” mahalla fuqarolar yig‘ini tomon qaytishda esa 2-sonli avtobus M. Iqbol ko‘chasidan “Karvon” savdo markaziga, undan Zulfiya ko‘chasiga o‘tib, Mustaqillik ko‘chasi orqali oldingi yo‘nalishiga qaytadi.
33-sonli avtobus “Trikotaj” tomon borishda ham, qaytishda ham M. Iqbol ko‘chasidan “Karvon” savdo markazi orqali o‘tadi. So‘ng yana M. Iqbol va Mustaqillik ko‘chalari orqali avvalgi yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanadi.
Har ikki yo‘nalishda avvaldan qatnab kelayotgan “Asia Star” va “ZhongTong” rusumli avtobuslar xizmat ko‘rsatishda davom etadi. Yo‘l haqini elektron tarzda to‘lash mumkin. Yo‘nalishlar haqidagi batafsil ma’lumot transport boshqarmasining rasmiy saytida ham berilgan.