Buxoro yangiliklari
Buxoroda 93 ta transformator punkti va 200 kilometr elektr tarmog‘i ta’mirlandi

Buxoro shahrida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida 93 ta transformator punkti va 200 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i mukammal ta’mirlandi. Ishlar iste’molchilarni ishonchli hamda barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashga qaratilgan. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Ta’mirlash va yangilash ishlarini Buxoro shahar elektr ta’minoti korxonasi xodimlari amalga oshirmoqda. Kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida shaharda bu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Shuningdek, 700 dan ortiq transformator punkti ko‘rikdan o‘tkazildi. Tekshiruvlarda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.
300 ga yaqin eskirgan simyog‘och zamonaviy va mustahkam temir-beton tayanchlarga almashtirildi.
Shahar elektr infratuzilmasida 11 ta transformator punkti yangilandi va 28 ming metr uzunlikdagi yer osti kabel tarmog‘i tortildi.
Mazkur ishlar elektr tarmoqlarining barqarorligini ta’minlash, mavjud imkoniyatlarni kengaytirish hamda kuz-qish mavsumida iste’molchilarga ishonchli elektr energiyasi yetkazib berishga xizmat qiladi.