Buxoro yangiliklari
Buxoroda metall konstruksiyalar ishlab chiqarish bo‘yicha memorandum imzolandi

Buxoro viloyatida metall konstruksiyalar ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha «Yevroangar» kompaniyasi bilan memorandum imzolandi. Shuningdek, Dog‘iston Respublikasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan «Yo‘l xaritasi» imzolandi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Kelishuvlarga Farg‘ona viloyatida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining III yig‘ilishi doirasida erishildi. Unda Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari Rizo Asadov hamkor hududlar va kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda Chelyabinsk viloyati xalqaro va mintaqalararo hamkorlik vaziri Dmitriy Gluxarev, Tomsk viloyati hukumati raisi o‘rinbosari Vasiliy Potyomkin, Dog‘iston Respublikasi hukumati raisi o‘rinbosari Rizvan Gazimagomedov va Oltoy Respublikasi hukumati raisi o‘rinbosari Irina Petrovskaya ishtirok etdi. Shuningdek, «Yevroangar» hamda bir qator boshqa kompaniyalar rahbarlari bilan muzokaralar olib borildi.
Tomonlar to‘qimachilik, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, IT, chorvachilik, turizm va logistika sohalarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvlar yakunida chorvachilik va terini qayta ishlash bo‘yicha loyihalar, shuningdek, madaniy meros an’analari asosida badiiy hamda hunarmandchilik mahsulotlarini yaratish yo‘nalishida amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishildi.
Meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish, turizm aloqalarini kengaytirish va charter aviareyslarini yo‘lga qo‘yish ham hamkorlikning kelishilgan yo‘nalishlari qatoridan o‘rin oldi.