Buxoro yangiliklari
Buxoroda zamonaviy ko‘z diagnostikasi va lazer jarrohligi xizmatlari kengaymoqda

Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Buxoro filiali aholiga ixtisoslashtirilgan yuqori malakali oftalmologik xizmat ko‘rsatmoqda. Bu haqda Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Muassasa Buxoro shahri, Muhammad Iqbol ko‘chasi, 50/1-uy manzilida joylashgan bo‘lib, 2019-yil iyun oyidan yangi binoda faoliyat yuritmoqda. Bu yerda 60 qatnovga mo‘ljallangan konsultativ-diagnostik poliklinika, 50 o‘rinli statsionar, laboratoriya hamda shoshilinch va rejali jarrohlik bloklari mavjud.
Filialga tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent Jahongir Safarov rahbarlik qilmoqda. Muassasada 64 nafar xodim, jumladan, 12 nafar oftalmolog, bolalar oftalmologi, oftalmoxirurg va lazer jarroh faoliyat yuritadi. Filialda 15 turdagi zamonaviy diagnostik tekshiruv, 30 turdagi jarrohlik va 15 turdagi yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda.
Konsultativ poliklinikada elektron tizim joriy etilgan: bemorlarni ro‘yxatga olish va tibbiy ko‘rik natijalarini shakllantirish raqamlashtirilgan. Zamonaviy oftalmologik kombaynlar bilan jihozlangan xonalarda zarur tekshiruvlar o‘tkaziladi. Chuqurlashtirilgan diagnostika talab etilganda OST, UBM va kompyuter perimetriyasi kabi yuqori texnologik tekshiruv usullaridan foydalaniladi.
Filialda lazer jarrohligi xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan. AQSH, Germaniya va Fransiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy lazer tizimlari yordamida lazer kapsulotomiya, iridotomiya, lazer koagulyatsiyasi, selektiv lazer trabekuloplastikasi va siklofotokoagulyatsiya kabi yuqori texnologik amaliyotlar bajarilmoqda. Bu imkoniyatlar, ayniqsa, asoratli va tug‘ma katarakta hamda glaukomani davolashda muhim ahamiyatga ega.
50 o‘rinli statsionarda katarakta va glaukoma, pterigium, ko‘z yoshi yo‘llari kasalliklari, g‘ilaylik hamda ko‘z jarohatlarida rekonstruktiv jarrohlik amaliyotlari bajariladi. Xususan, kataraktada fakoemulsifikatsiya, glaukomada jarrohlik amaliyotlari, blefaroplastika va boshqa zamonaviy operatsiyalar amalga oshirilmoqda.
Muassasada teletibbiyot tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan. Respublika va xorijiy yetakchi klinikalar mutaxassislari bilan hamkorlikda murakkab bemorlarning holati muhokama qilinib, tashxis va davolash taktikasi belgilanmoqda. Zamonaviy oftalmologik uskunalar bilan jihozlangan «Mobil poliklinika» orqali viloyatning olis hududlarida aholiga chuqurlashtirilgan tekshiruvlar o‘tkazilmoqda. Ayniqsa, 40 yoshdan yuqori aholi o‘rtasida glaukomani erta aniqlashga qaratilgan skrining tekshiruvlariga alohida e’tibor berilmoqda.
Murojaat qiluvchilar uchun «Elektron poliklinika» DMED tizimi, kutish zallari, lift va nogironligi bo‘lgan bemorlar uchun maxsus aravachalar mavjud. Bu sharoitlar aholiga zamonaviy, sifatli va ixtisoslashtirilgan oftalmologik tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.