Buxoro yangiliklari
Buxoroda VII Turk dunyosi adabiyot va kitob festivali o‘tkazildi

Buxoro davlat pedagogika institutida O‘zbekiston miqyosida ilk bor VII Turk dunyosi adabiyot va kitob festivali bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Xalqaro festivalda Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Vengriya hamda Shimoliy Kipr Turk Respublikasidan tashrif buyurgan mehmonlar ishtirok etdi.
Ochilish marosimida institut rektori Bahodir Ma’murov so‘zga chiqib, tadbirning turkiy xalqlar o‘rtasidagi adabiy-madaniy aloqalarni mustahkamlash, mushtarak tarix va ma’naviy qadriyatlarni keng targ‘ib etishdagi ahamiyatini ta’kidladi hamda mehmonlarni qutladi.
Tadbirda Xalqaro turkiy mualliflar ittifoqi raisi, Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi matbuot kotibi, shoir Xəyal Rza, Buxoro davlat universiteti rektori, professor Obidjon Xamidov, Xalqaro turkiy mualliflar ittifoqi vakili, turkiyalik yozuvchi va shoir Mahmut Özkoca hamda Xalqaro turkiy mualliflar birligi koordinatori Ayten Qurbanova fikr-mulohaza va takliflari bilan qatnashdi. Ular festivalning turkiy xalqlar o‘rtasidagi adabiy-madaniy aloqalarni mustahkamlashdagi o‘rnini qayd etdi.
Festival doirasida institutning “Yoshlar bog‘i”da she’riyat kechasi tashkil etildi. Unda shoirlar Mahmut Özkoca va Behruz Nifteliyev o‘z ijod namunalarini taqdim etdi.
Hokimlik qayd etishicha, adabiy uchrashuv turkiy xalqlarning mushtarak ma’naviy merosi, adabiyotga muhabbati va ijodiy hamkorligini namoyon etgan muloqot maydoniga aylandi. Festival boy adabiy meros va umumiy qadriyatlarni targ‘ib etish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, ijodkorlar hamkorligini mustahkamlash hamda xalqaro adabiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qildi.