Buxoro yangiliklari
Buxoroda onkologiya shifoxonasi yonidagi hudud tozalanib, mas’uliyat chegarasi tushuntirildi

Buxoroda onkologiya shifoxonasi yaqinidagi hududning obodonlashtirishga muhtojligi haqidagi murojaatdan so‘ng hududda tozalik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Bu haqda Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
2026-yil 13-oktabrda «Потребитель Бухара плюс» Telegram kanalida onkologiya shifoxonasi atrofidagi hudud uzoq vaqtdan beri obodonlashtirishga muhtojligi mazmunidagi murojaat e’lon qilingan. Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filiali ma’muriyati ushbu murojaat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Murojaat yuzasidan tegishli tashkilotlar choralar ko‘rgan. Shahar obodonlashtirish tashkiloti xodimlari hududda tozalik va obodonlashtirish ishlarini bajargan.
Rasmiy izohda murojaatda ko‘rsatilgan hudud onkologiya shifoxonasi tasarrufiga kirmasligi, balki tadbirkorlarga tegishli ekani tushuntirilgan. Shu sababli ushbu hududni obodonlashtirish mas’uliyati shifoxona xodimlari zimmasiga yuklatilmagan.
Boshqarma ijtimoiy tarmoqlarda material e’lon qilishdan oldin ma’lumotlarning haqqoniyligini tekshirish, muayyan hudud qaysi tashkilot tasarrufiga kirishi va mas’uliyat doirasini aniqlashtirish maqsadga muvofiqligini qayd etdi.
Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi va onkologiya markazining Buxoro filiali ma’muriyati aholi murojaatlariga befarq emasligini, hududlarni obodonlashtirish hamda sanitariya holatini yaxshilashga qaratilgan choralarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.