Buxoro yangiliklari
Shofirkon bozorlarida gaz ballonlaridan foydalanish bo‘yicha beshta qoidabuzarlik bartaraf etildi

Shofirkon tumanidagi bozorlarda suyultirilgan gaz ballonlaridan talablarga zid foydalanish bilan bog‘liq beshta holat aniqlanib, tezkorlik bilan bartaraf etildi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
«Shofirkon dehqon bozori» va «Shofirkon savdo kompleksi» mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, baxtsiz hodisalarning oldini olish hamda xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlash choralari amalga oshirilmoqda. Jarayonda tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi, gaz va elektr energiyasi ta’minoti idoralari mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Mutaxassislar bozor hududidagi muammo va kamchiliklarni aniqlash, ularni bartaraf etish hamda xavfsiz muhit yaratishga e’tibor qaratmoqda. Gaz ballonlaridan noto‘g‘ri foydalanish holatlari umumiy ovqatlanish shoxobchalari va tamaddixonalarda qayd etilgan.
Bozor majmualarining sanitariya holatini yaxshilash, hududni obodonlashtirish va yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etish maqsadida 2026-yil 12–13-oktabr kunlari sanitariya-tozalash va yong‘in xavfsizligi profilaktikasi kunlari tashkil etilgani ma’lum qilindi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida bozor hududidagi elektr shchitlari va gaz taqsimlash punktlarida aniqlangan nuqsonlar tegishli xizmatlar mutaxassislari tomonidan bartaraf etilmoqda. Savdogarlar va tadbirkorlarga elektr energiyasidan xavfsiz foydalanish qoidalari ham tushuntirilmoqda.
Bundan tashqari, ochiq savdo rastalari ustida ayvonlar — naveslar barpo etilmoqda. Ular yog‘ingarchilik va noqulay ob-havoda savdogarlar hamda xaridorlarga qulaylik yaratish, savdo jarayonini tartibli tashkil etishga xizmat qiladi.
Bozorlarda xavfsizlikni ta’minlash, kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish va obodonlashtirishni izchil davom ettirish orqali kuz-qish mavsumini ko‘ngildagidek o‘tkazish maqsad qilingan.