Buxoro yangiliklari
Buxoro davlat universitetida Yusuf Qorabog‘iy nomidagi ozarbayjonshunoslik markazi ochildi

Buxoro davlat universiteti Tarix fakultetida XVI–XVII asrlarda yashab ijod qilgan ozarbayjon mutafakkiri Yusuf Qorabog‘iy nomidagi ozarbayjonshunoslik markazi ochildi. Tashabbus Buxoro shahrida o‘tkazilayotgan “Ozarbayjon madaniyati va san’ati kunlari” doirasida amalga oshirildi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Markaz O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining tarixiy-madaniy aloqalarini mustahkamlash, umumiy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish hamda yoshlarning tarixiy bilimlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Tarixiy shaxslarning hayoti, ijodi va ilmiy-falsafiy qarashlarini tadqiq etish orqali ikki xalq o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni kengroq anglashga e’tibor qaratiladi.
Ochilish marosimida universitet rahbariyati, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi vakillari, Tarix fakulteti professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar va talaba-yoshlar qatnashdi. Marosimdan so‘ng ishtirokchilar yaratilgan sharoitlar, ilmiy-ma’rifiy imkoniyatlar hamda kelgusida bajarilishi ko‘zda tutilgan ishlar bilan tanishdi.
Yangi markaz faoliyatida Ozarbayjon tarixi, milliy madaniyati, adabiyoti, san’ati va ilmiy merosini o‘rganish ustuvor yo‘nalishlardan bo‘ladi. Talabalar, yosh tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilarga ilmiy izlanish olib borish, tarixiy manbalar bilan ishlash hamda turkiy xalqlarning mushtarak merosini tadqiq etish uchun imkoniyat yaratilishi kutilmoqda.
Shu kuni universitet va Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi vakillari ishtirokida davra suhbati ham o‘tkazildi. Unda ikki xalqning tarixiy-madaniy aloqalari, umumiy ilmiy va adabiy merosi, ta’lim, ilm-fan hamda madaniyat sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari, mushtarak tarixiy ildizlar va milliy qadriyatlarni kelgusi avlodlarga yetkazish muhimligi ta’kidlandi.
Muloqotda Yusuf Qorabog‘iyning hayoti va ilmiy-falsafiy merosini har tomonlama o‘rganish, uning qarashlarini tadqiq qilish, hayoti hamda ijodiga oid manbalarni tahlil etish va bu merosni zamonaviy ilmiy yondashuvlar bilan yoshlarga yetkazish vazifalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Markaz doirasida ilmiy seminarlar, davra suhbatlari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar va konferensiyalar tashkil etish, qo‘shma tadqiqotlar olib borish hamda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi akademik aloqalarni kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Bu tashabbuslar talabalarning ilmiy salohiyatini oshirish, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro tajriba almashuvini rivojlantirishga qaratilgan.
Tadbir davomida markazga kitoblar taqdim etildi. Adabiyotlar uning ilmiy-ma’rifiy fondini boyitib, Ozarbayjon tarixi, madaniyati, adabiyoti va ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganishda foydalaniladi. Ulardan ta’lim jarayoni, ilmiy izlanishlar hamda ma’rifiy tadbirlarda foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Markazning faoliyat boshlashi Buxoro davlat universiteti va Ozarbayjonning ilmiy-madaniy muassasalari o‘rtasida tajriba almashish, yangi qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish va ikki xalqning boy merosini kelgusi avlodlarga yetkazish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi qayd etildi. Hokimlikning xabari va fotoalbomi.