Buxoro yangiliklari

20–21-oktabr kunlari Buxoroda turkiyalik jarrohlar bepul qabul o‘tkazadi

Illyustrativ surat: Buxoroisharif.uz (SI yordamida yaratilgan)

2026-yil 20–21-oktabr kunlari Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida Turkiyadan tashrif buyuradigan mutaxassislar ishtirokida bepul tibbiy ko‘riklar va maslahatlar tashkil etiladi. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.

Qabul doirasida professor-doktor Kenan Abdurrahmon Kara — kattalar va bolalar kardioxirurgi hamda doktor Murat Chakar — bolalar jarrohi bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazadi.

Mutaxassislar yurak-qon tomir kasalliklari, bolalardagi tug‘ma yurak nuqsonlari va bolalar jarrohligiga oid muammolar bo‘yicha bemorlarning holatini baholab, tavsiyalar beradi. Ko‘rik haqidagi e’londa turli ichak kasalliklari, churralar va jigar kasalliklari yo‘nalishlari ham ko‘rsatilgan.

Tadbir aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish, jiddiy kasalliklarni erta aniqlash va zamonaviy tibbiyot tajribasini amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan. Ko‘riklar bemorlarga o‘z salomatligiga oid savollarga javob olish hamda kasalliklarni aniqlash va davolash bo‘yicha maslahat olish imkonini beradi.

Qabul manzili: Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi. Sana: 20–21-oktabr. Tibbiy ko‘rik va shifokorlar maslahati bepul. Murojaat uchun telefon: 1425.

Aholidan ushbu imkoniyatdan foydalanish, salomatlikka mas’uliyat bilan yondashish va mutaxassislar ko‘rigidan o‘tish so‘ralmoqda.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version