Buxoro yangiliklari
Qorako‘llik tadbirkor metallga ishlov berish sexida ishchilar sonini oltitaga yetkazdi

Qorako‘l tumani “Zarafshon” mahallasida yashovchi Shavkat Nazarovning metallga ishlov berish ustaxonasida ishchilar soni olti nafarga yetdi. Oilaviy korxona faoliyati bosqichma-bosqich kengaytirilmoqda. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Bino va inshootlarni qurish hamda ta’mirlashda nafis bezakli metall darvoza, eshik, rom va panjaralarga talab ortib bormoqda. Shu ehtiyojni inobatga olgan tadbirkor o‘z biznes loyihasini yo‘lga qo‘ygan. U metallga ishlov berish, elektr payvandlash va turli shakldagi bezaklarni yaratishda ko‘p yillik tajribaga ega. Yillar davomida yangi usullarni o‘zlashtirib, mijozlar didi va talablarini o‘rganib kelmoqda.
Hozir ustaxonada turli o‘lcham va dizayndagi temir eshik va darvozalar, romlar, panjaralar hamda boshqa metall buyumlar tayyorlanmoqda. Buyurtma asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar mahalladoshlar, atrofdagi aholi va qurilish olib borayotgan xaridorlarga yetkazib berilmoqda.
“Nafaqat o‘z tumanimiz, balki qo‘shni Olot, Jondor va boshqa tumanlardan muntazam buyurtmalar olib, imkoniyatimizga yarasha, oyiga buyurtma asosida 4–5 ta darvoza, 10 tadan ortiq eshik va panjara tayyorlab, buyurtmachilarga yetkazib bermoqdamiz. Hozirda seximizdagi ishchilar sonini 6 nafarga yetkazib, faoliyatimizni bosqichma-bosqich kengaytiryapmiz”, — deydi Shavkat Nazarov.
“Mahsulotlarimiz sifati, mustahkamligi va hamyonbop narxlariga, xaridorbopligiga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Jumladan, darvozalarimiz 6 million so‘mdan 15 million so‘mgacha, metall eshiklar esa 2 million so‘mdan 10 million so‘mgacha bo‘lgan narxlarda tayyorlab chiqarilmoqda”, — deya qayd etdi tadbirkor.
Uning aytishicha, hovli va bino-inshootlar derazalari uchun turli naqshli panjaralar yasash, ularni manziliga yetkazish va o‘rnatib berish xizmatlari ham yo‘lga qo‘yilgan.
Ustaxona faoliyati yangi ish o‘rinlarini yaratish orqali aholi bandligiga hissa qo‘shmoqda. Ayni paytda buyurtmalar hajmini oshirish, ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish va xizmatlar sifatini yaxshilash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Shavkat Nazarov mahalliy aholi, yangi uy-joy qurayotgan fuqarolar hamda ta’mirlanayotgan ma’muriy bino-inshootlar uchun buyurtmalarni ham bajarmoqda. Kelgusida ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish va moddiy manfaatdorlikni oshirishni maqsad qilgan.