Buxoro yangiliklari

Jondorlik Suvon Shukurov xonadonida 30 dan ortiq asalari uyasi parvarishlanmoqda

Illyustrativ surat: Buxoroisharif.uz (SI yordamida yaratilgan)

Jondor tumanida yashovchi 85 yoshli Suvon Shukurov farzandlari va nevaralari ko‘magida asalarichilik, tomorqachilik, chorvachilik va parrandachilik bilan shug‘ullanmoqda. Uning xonadonida asalari uyalari soni 30 tadan oshgan. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.

Ko‘p yillar xalq xo‘jaligi sohasida mehnat qilgan Suvon Shukurov nafaqada bo‘lsa-da, oilasi bilan dehqonchilik va asalarichilikni davom ettirmoqda. Xonadon ahli hosilning bir qismini oilaviy ehtiyoj uchun g‘amlab, ortiqchasini bozorga chiqaradi.

Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, har bir asalari oilasidan yiliga ikki marta o‘rtacha 12 kilogrammdan asal olinadi. Xabarda oila har yili bir tonnadan ortiq asal yetishtirib, xaridorlarga yetkazib berayotgani qayd etilgan.

Tomorqada kartoshka, pomidor, piyoz, bulg‘or qalampiri, sabzi va loviya yetishtiriladi. Uzumning Shibirg‘oniy, qora kishmish, Toyfi va Husayni navlari ham parvarishlanadi. Har yili qora kishmish saralanib, quritiladi va mayiz tayyorlanadi. Ortiqcha mahsulotlar qo‘ni-qo‘shnilar bilan baham ko‘riladi.

Xonadonda sigir-buzoqlar, bo‘rdoqiga boqilayotgan qoramollar hamda 20 boshdan ortiq tovuq bor. Tovuqlardan kuniga 15–20 dona tuxum olinadi. Sut, qatiq, sariyog‘, tuxum va go‘sht mahsulotlari oilaning kundalik ehtiyojini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

“Aslida, asalarichilik, tomorqachilik va chorvachilik bizga ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolgan mashg‘ulotlar. Shu mehnat orqali ro‘zg‘orimizning kam-ko‘stini to‘ldirib, orzu-havaslarimizni ko‘rib kelyapmiz”, — deydi Suvon Shukurov.

“Qolaversa, yiliga kamida ikki marta qoramol yoki qo‘y so‘yib, go‘sht-yog‘ ehtiyojimizni ham ta’minlaymiz. Eng muhimi, har bir insonda mehnat qilishga ishtiyoq, harakat va izlanish bo‘lishi kerak. Qo‘lidagi imkoniyatdan unumli foydalanishni bilgan odam kam bo‘lmaydi. O‘zimizdan ortgan mahsulotlarni mahalladoshlarimiz bilan ham baham ko‘ramiz. Bu ishlarimiz ham daromad manbai, ham turmushimiz farovonligining muhim omilidir”, — deya ta’kidlaydi xonadon sohibi.

Javob berish

Eng ko‘p o‘qilgan maqolalar

Exit mobile version