Buxoro yangiliklari
Buxorodagi “Kamalak Shabnam Teks” 2,5 million dollarlik mahsulot eksport qildi

Buxoro viloyatidagi “KAMALAK SHABNAM TEKS” MChJ joriy yilning o‘tgan davrida 2,5 million AQSH dollarilik, umumiy og‘irligi 770 tonna bo‘lgan to‘qimachilik matolari va sochiqlarni eksport qildi. Ushbu mahsulotlar eksporti bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan. Bu haqda Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari O. Choriyev viloyatdagi o‘rganishlari davomida qator korxonalar faoliyati bilan tanishib, tadbirkorlar bilan uchrashdi. “KAMALAK SHABNAM TEKS”da korxonaning tashqi iqtisodiy faoliyatdagi o‘rni, eksport-import operatsiyalari va ishlab chiqarish salohiyati muhokama qilindi.
Tashrif davomida Germaniyaning “Curt Bauer GmbH” kompaniyasi bilan tuzilgan 17 million yevrolik shartnoma doirasida brendni relokatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham ko‘rib chiqildi.
Nemis texnologiyalari asosida ishlaydigan korxona poliester va poliamiddan yuqori sifatli texnik tekstil mahsulotlari tayyorlashga ixtisoslashgan. Bunday mahsulotlar avtomobilsozlik, harbiy sanoat, aviatsiya, tibbiyot va boshqa tarmoqlarda qo‘llanadi. Korxonada aralash tolali uy tekstili ham ishlab chiqariladi.
2026-yil davomida korxonaning 4,5 million AQSH dollarilik, og‘irligi 1 500 tonna bo‘lgan tovarlari import bojxona rejimiga rasmiylashtirilgan. Ular orasida trikotaj sanoati uchun zarur bo‘yoqlar, kimyoviy vositalar, to‘qimachilik uskunalari va butlovchi qismlar bor.
Muloqotda eksport salohiyati va tashqi savdo ko‘rsatkichlariga alohida e’tibor qaratildi. Korxonani rivojlantirish, tashqi iqtisodiy operatsiyalar jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalar hamda bojxona tartib-taomillari bilan bog‘liq jihatlar muhokama etildi.
Korxona vakillariga Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-avgustdagi 430-son qarorida belgilangan vakolatli iqtisodiy operator maqomiga oid tartiblar yuzasidan tushuntirishlar ham berildi.