Buxoro yangiliklari
Jondorning “Bahoriston” mahallasida 6,4 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirilmoqda

Jondor tumanidagi “Bahoriston” mahallasining Urganjiyon ko‘chasida umumiy qiymati 6,4 milliard so‘mlik loyiha amalga oshirilmoqda. Ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish hamda infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan loyiha natijasida 30 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Loyiha Urganjiyon ko‘chasining 0,5 kilometr qismini kompleks rivojlantirishni qamrab oladi. Unda tadbirkorlik uchun qulay sharoit yaratish va mahallaning iqtisodiy salohiyatini oshirish maqsad qilingan.
Moliyalashtirish uchun 4 milliard so‘m tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari, 1 milliard so‘m bank krediti hamda 1,4 milliard so‘m infratuzilmani rivojlantirish xarajatlari yo‘naltiriladi.
Jami 20 ta tashabbusni amalga oshirish rejalashtirilgan. Elektr ta’minotini yaxshilash uchun yangi transformator punkti o‘rnatilib, 500 metr SIP kabeli tortiladi. Ko‘chaning tungi yoritilishi uchun 100 ta zamonaviy chiroq o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.
Aholi va piyodalarga qulaylik yaratish maqsadida 1 kilometr piyodalar yo‘lagi barpo etiladi. Obodonlashtirish ishlari doirasida 25 ta o‘rindiq, 25 ta chiqindi qutisi, 10 ta arxitekturaviy kichik element va 10 ta ayvon o‘rnatish rejalashtirilgan.
Yangi ish o‘rinlari mahalla aholisining bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish va tadbirkorlik faoliyatini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, loyiha doirasida 5 milliard so‘m investitsiya o‘zlashtirilishi, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hajmi 7,5 milliard so‘mga yetishi hamda mahalliy budjetga yiliga 300 million so‘m tushum kelib tushishi prognoz qilinmoqda.