Buxoro yangiliklari
Buxoro jamoasi belbog‘li kurash bo‘yicha U15 O‘zbekiston kubogida birinchi bo‘ldi

Buxoro viloyati jamoasi belbog‘li kurash bo‘yicha kichik o‘smirlar o‘rtasidagi O‘zbekiston kubogida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. U15 yosh toifasidagi o‘g‘il va qizlar qatnashgan musobaqa 14–17-oktabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Buxoro viloyati sport boshqarmasi Buxoroisharif.uz internet nashriga ma’lum qildi.
Bellashuvlar G‘ijduvon tumanidagi sport majmuasida tashkil etildi. Unda mamlakatning barcha hududlaridan kelgan 400 nafarga yaqin sportchi g‘oliblik uchun kurashdi.
Musobaqaning birinchi kuni o‘g‘il bolalar belbog‘li kurashning klassik yo‘nalishi bo‘yicha 14 ta vazn toifasida kuch sinashdi.
16–17-oktabr kunlari esa o‘g‘il bolalar va qizlar belbog‘li kurashning erkin yo‘nalishida o‘zaro bellashdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng ko‘p medal jamg‘argan Buxoro viloyati jamoasi birinchi bo‘ldi. Farg‘ona viloyati jamoasi ikkinchi, Andijon viloyati terma jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.