Mashhurlar
Abror Muxtor Aliy: Luiza Rasulovaning eri bor

Abror Muxtor Aliy Luiza Rasulovaning eri borligini va uning kimligini aytdi. “Shariat boʻyicha uning eri bor”, — deydi u.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasida tashkil etilgan “Qurʼon tajvidini oʻrgatish” boʻlimi mudiri oʻrinbosari Abror Muxtor Aliy (Abror Abduazimov) aktrisa Luiza Rasulovaning eri borligini aytdi.
Uning soʻzlariga koʻra, aktrisa “Million” jamoasi konsertining hazillaridan birida bir yigitga nikohlangan. U aktrisa rozilik berganini va endi uning eri borligini aytdi. Din bilan hazil qilib boʻlmasligini, agar shunday qilsa, oʻsha odam dindan chiqishini taʼkidladi.
“Hazillashib nikoh qilsa, nikoh boʻladi. Yaqinda bir misolni koʻrdim. Shuning uchun aytyapman. ʻMillionʻ konsertida chiqib, Luiza Rasulovani bitta bolaga nikohlashdi. Uning eri bormi? Hozir eri bor. Shariat boʻyicha uning eri bor. Agar musulmonman desa, oʻsha bola uning eri. Bu yerda hech qanday qochadigan joyi yoʻq. U rol oʻynaydimi, boshqa narsa qiladimi. Shariatning nikoh degan narsasiga jiddiy qarash kerak. Bu din oʻyinchoq emas. Bitta artistning qilgan notoʻgʻri ishini gapirsak, chiqib olib shallaqilik qilyapti. Oʻzining shaʼni uchun. Bizning dinimizning shaʼni oyoq ostimi? Nimaga sahnaga chiqib olib oʻyin qiladi? Kim unga bizning dinimizni oyoq osti qilishga ruxsat berdi? Oʻsha yerda ʻRozimanʼ dedi. Men eshitdim. ʻQabul qildimʼ dedi. 4 ming odam guvoh. Luizaning eri bor. Taloq qilmasa, yashashga majbur. Agar musulmon boʻlsa, yoʻq men musulmon emasman desa, iltimos mening dinimga tilingizni uzatmang. Mening dinim bilan hazillashmang. Dinni masxara qilsa, dindan chiqadi. Yoʻq masxara emasdi desa oʻsha bolaning xotini bor. Bu unga nikohlanib qoladi”, — deydi u.